O‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov RedPen nashriga bergan intervyusida o‘z muvaffaqiyatlari sirini ma’lum qildi.
Qayd etish joiz, Ravshan Ermatov O‘zbekistonning 9 karra, Osiyoning 5 karra eng yaxshi hakami, deb topilgan. Xalqaro faoliyatini 2003-yildan boshlagan Ermatov JCh—2010 va JCh—2014-final bosqichida, London—2012 Olimpiadasida va boshqa qator nufuzli musobaqalarda ishlagan.
Ravshan Ermatov 2015-yil yakunlariga ko‘ra, 27-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Globe Soccer taqdimotida “Yilning eng yaxshi hakami” sifatida mukofotni qo‘lga kiritdi. 31-dekabr kuni esa O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Ermatovni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi.
“Muvaffaqiyatimning hech qanday retsepti yo‘q. 17-18 yoshimda, endi hakamlik faoliyatimni boshlayotgan vaqtimda, oldinda meni nimalar kutayotganini — hakam bo‘la olamanmi-yo‘qmi, jahon miqyosida tanilamanmi, bilmasdim. Biroq bir narsani — har tong, uyg‘onganimdan so‘ng, qor-yomg‘ir yog‘adimi, qahraton yo jazirama bo‘ladimi, farqi yo‘q — mashg‘ulotga borishim kerakligini bilardim”, — dedi Ravshan Ermatov.
“Qor yog‘ayotganida, ko‘cha qahratonligida, onam kuyunib: ‘O‘g‘lim, bugun mashg‘ulotga bormay qo‘yaqol’, — derdi. U vaqtlarda hozirgidek sharoitlar yo‘q edi. Biroq meni hech narsa to‘xtata olmagan. O‘ylashimcha, aynan mehnatsevarlik — istalgan kasbdagi muvaffaqiyat kalitidir. Ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Biroq tinimsiz mehnat qilayotgan insonga Alloh omad beradi. Kimdir aytishi mumkin: ‘Mana, men ham ko‘p ishlayapman, biroq o‘xshamayapti-ku’, — deb. Demak, kimdir undan-da ko‘proq mehnat qilyapti”, — dedi Ermatov.
Avvalroq, Ravshan Ermatov uni sindirgan “qo‘pol futbolchi” va u murabbiylik qilgan jamoa o‘yiniga kelmagan “mas’uliyatsiz hakam”ga hozirda minnatdorchilik bildirishini aytib o‘tgandi.
Izoh (0)