Futbol bo‘yicha Qatar olimpiya (U-23) terma jamoasi U-23 Osiyo chempionatini g‘alaba bilan boshladi. 12-yanvar, seshanba kuni Xitoyga qarshi bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qatarlik futbolchilar 3:1 hisobida g‘alaba qozondi, deya xabar bermoqda OFK rasmiy sayti.
Uchrashuvda hisob xitoylik futbolchilar tomonidan ochilgan bo‘lsa-da (Liao Lishen, 43-daqiqa), ikkinchi bo‘limda Qatar uchta gol urishga muvaffaq bo‘ldi (Abdulkarim Hasan, 66- va 72-daqiqalar; Ahmad A’lo, 82-daqiqa). Uchrashuv yakunlanishi arafasida xitoyliklar vakili Su Sin maydondan chetlatildi.
Musobaqaning “A” guruhi 1-turi doirasida 12-yanvar kuni dastlab Eron va Suriya terma jamoalari o‘zaro bahs olib borgani, unda eronlik futbolchilar 2:0 hisobida g‘alaba qozongani haqida avvalroq xabar berilgan edi.
Guruh bosqichi 2-turida Qatar terma jamoasi Eronga qarshi, Xitoy esa Suriyaga qarshi maydonga tushadi. Har ikkala o‘yin 15-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.
Musobaqada O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi ham ishtirok etmoqda. Samvel Babayan qo‘l ostidagi terma jamoa Osiyo chempionati final bosqichi doirasidagi ilk uchrashuvni 13-yanvar, chorshanba kuni Janubiy Koreyaga qarshi o‘tkazadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 21:30 da boshlanadi. Uchrashuv O‘zMTRK “Sport” telekanali orqali jonli efirda namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)