2016-yilning 12-yanvarida boshlanadigan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati oldidan O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan bilan suhbat uyushtirdi.
Intervyu davomida murabbiy bo‘lajak musobaqa, O‘zbekiston o‘rin olgan guruh, raqiblar va Qatardagi ob-havo sharoiti borasida to‘xtalib o‘tdi.
“Bu turnir butun Osiyo futboli uchun kashfiyotlar turniri bo‘ladi. Chunki yaqin kelajakda qit’a futbolini mana shu chempionat ishtirokchilari jahonga tanitadi.
Guruhimiz — musobaqadagi eng kuchlisi. Bu guruhdan qaysidir jamoa albatta Riodagi Olimpiadaga yo‘l oladi. Ha, qur’a bizga eng kuchli raqiblarni taqdim etdi. Kuchli jamoalar fonida biz o‘z kuchimizga to‘g‘ri baho berish imkoniga ega bo‘lamiz.
Hozirgi kunga kelib barcha chiziqlar o‘rtasidagi hamohanglikka va muvozanatga erishdik, deb o‘ylayman. Tayyorgarlikka keladigan bo‘lsak, menimcha, murabbiy o‘z falsafasini futbolchilarga tushuntirish va uni maydonda tatbiq qilishi uchun bir oy muddat yetarli. Nima bo‘lganda ham, qanchalik tayyor ekaningni birinchi rasmiy o‘yin ko‘rsatib beradi. O‘tkazgan o‘rtoqlik nazorat uchrashuvlarimiz bizga jamoaning kuchli va ojiz nuqtalarini aniqlashda katta yordam berdi. Biroq rasmiy o‘yin bu, baribir, rasmiy o‘yin.
Ayni paytda Qatardagi ob-havo futbol uchun ideal, deb o‘ylayman. Bunday qulay ob-havo sharoitida ajoyib, zamonaviy, dinamik futbol namoyish qilish mumkin”, — dedi Babayan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Osiyo chempionatida Janubiy Koreya, Iroq va Yaman bilan bir guruhdan o‘rin olgan. Samvel Babayan shogirdlari turnirdagi ishtirokini 13-yanvar kuni koreyslarga qarshi o‘yin bilan boshlaydi.
Izoh (0)