Xonanda Abdurashid Yo‘ldoshev 2015-yilda “E’tirof” milliy mukofotini qo‘lga kiritishini o‘zi kutmaganini tan oldi. Bu haqda u “Bekajon” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdurashid Yo‘ldoshev 2015-yil dekabrida bo‘lib o‘tgan “E’tirof” milliy mukofoti taqdimotida “Yilning eng yaxshi erkak estrada xonandasi” deb topilgandi.
“Xalqning nazariga tushishni, “E’tirof” milliy mukofotini qo‘lga kiritishni barcha san’atkorlar kabi men ham orzu qilganman. Lekin aynan 2015-yilda orzuim ushaladi, deb o‘ylamagandim. Taqdirlanayotgan orasida ism-sharifimni eshitganimda, qanchalik hayajonga tushganimni tasvirlab berolmayman. O‘sha daqiqalar butun umrimga yetgulik quvonchli va unutilmas bo‘ldi”, — deydi xonanda.
Uning aytishicha, mukofotni qabul qilib olish uchun sahnaga chiqib borgunicha, ijodda bosib o‘tgan yo‘llari, qiyinchiliklari va xursandchiliklari birma-bir ko‘z oldidan o‘tgan.
“E’tiborda ekanman, e’tirof etishdimi, demak, san’at olamida ovozim bor ekan va men bundan juda ham mamnunman. Endi har doimgidan-da ko‘proq va samaraliroq ijod qilishim kerakligini o‘ylab, hayajondan kechalari uyqum qochadi”, — deya qo‘shimcha qildi xonanda Abdurashid Yo‘ldoshev.
Izoh (0)