Mendeleyev davriy jadvaliga to‘rtta yangi kimyoviy element qo‘shilib, uning yettinchi qatorini to‘ldirdi, deya xabar bermoqda “RBK”. Elementlar Xalqaro nazariy va amaliy kimyo ittifoqi tomonidan rasman tasdiqlandi.
Bundan avval davriy jadval 2011-yilda kengaytirilgan, o‘shanda 114 va 116-elementlar qo‘shilgan edi.
Yangi 115, 117 va 118-elementlarni Dubna (Rossiya)dagi Yadro tadqiqotlari birlashgan instituti hamda Kaliforniyadagi Livermor milliy laboratoriyasi tadqiqotchilari kashf qilgan bo‘lsa, Yaponiyaning “Rikagaku Kenkusyo” fizika-kimyo tadqiqotlari instituti olimlari 113-elementni ochishga muvaffaq bo‘ldi.
Kashfiyotchilar endi elementlarga nom va ikki harfli belgilar o‘ylab topish huquqini qo‘lga kiritadi. Bunga besh oy ajratiladi, so‘ng nom va belgilar Xalqaro nazariy va amaliy kimyo ittifoqi kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Izoh (0)