Yakuniga yetgan mavsumni “Lokomotiv” tarkibida o‘tkazgan iqtidorli yarim himoyachi Sardor Mirzayev ijara asosida Dubayning “Al Shaab” klubiga o‘tadigan bo‘ldi. Bu haqda “Lokomotiv” FK matbuot xizmatiga tayanib, “Stadion.uz” xabar bermoqda.
Sardor yangi jamoasi bilan olti oylik shartnoma imzoladi. Bu yil Mirzayev ko‘p ham o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmadi. Xususan, u oliy ligada atigi o‘nta o‘yinda maydonga tushdi.
Natijada klub rahbariyati Mirzayevning “Al Shaab” klubiga ijara asosida o‘tishiga rozilik berdi. “Al Shaab” BAA chempionatida hozircha oxirgi o‘rinda bormoqda. Bu jamoa 13 ta o‘yinda ikki ochko to‘plagan.
“Lokomotiv” futbol klubiga oid yana bir yangilik shuki, bir muddat “temiryo‘lchilar” safida ko‘rikda bo‘lgan ganalik hujumchi Jilbert Kumsong ortga qaytib ketdi. U mashg‘ulotlarda yomon ishtirok etmadi, biroq tibbiy ko‘rikdan o‘ta olmadi. Natijada klub afrikalik hujumchi bilan shartnoma imzolamadi.
Oldinroq “Lokomotiv”ning boshqa bir yarim himoyachisi Lutfulla To‘rayev Malayziya klubi bilan shartnoma tuzgani xabar qilingandi.
Izoh (0)