Suriya hukumati Jenevada muxolifat bilan muzokara o‘tkazishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Suriya tashqi ishlar vaziri Volid Muallimga tayanib, “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muxolifatdagilar o‘z vakillarining ro‘yxatini ko‘rsatishi bilan Damashq o‘z delegatsiyasi tarkibini taqdim etadi.
Suriya bo‘yicha muzokaralar 2016-yilning yanvar oyida Jenevada BMT ishtirokida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Suriya hukumati esa vositachilarsiz muzokara o‘tkazishni istamoqda.
“Biz Jenevadagi dialogda ishtirok etishga tayyormiz va u boshqalarning aralashuvisiz o‘tishi tarafdorimiz”, — dedi Muallim.
Eslatib o‘tamiz, 18-dekabrda BMT Xavfsizlik Kengashi Suriya bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjatga ko‘ra, yarim yil ichida yangi Konstitutsiyani qabul qilish rejasi aniqlab olinishi, bir yarim yildan keyin esa BMT nazorati ostida saylovlar o‘tkazilishi talab etiladi.
Izoh (0)