O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 10-dekabr kungi farmoyishi (pdf) bilan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi loyihasini ishlab chiqishda alohida e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalarni belgiladi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
Eng asosiy vazifalardan biri sifatida oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollar manfaatlarini himoya qilish, sog‘lom bolani tarbiyalashda ularning rolini oshirish, kuchli baqrqaror va ravnaq topayotgan davlatning negizi sifatida oila institutini mustahkamlashga yo‘naltirilgan qonunchilik va normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish qayd etildi.
Shuningdek, olis va chekka qishloq tumanlarida yashayotgan aholi, ayniqsa, ayollar uchun zarur ijtimoiy, maishiy va tibbiy nuqtai nazardan zarur sharoitlar yaratish, qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosidagi zamonaviy uy-joylar, ijtimoiy infratuzilma obyektlarini barpo etish, qishloq aholisini toza ichimlik suv, tabiiy gaz bilan ta’minlash, xizmatlar ko‘rsatish va servis darajasini yuksaltirish borasidagi ishlarni izchil davom ettirish belgilandi.
Tibbiyot muassasalarining, jumladan, perinatal va skrining markazlarining moddiy-texnik bazasini va kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlash, oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarining ish samaradorligini oshirish, patronaj tibbiyot hamshiralarining sonini ko‘paytirishni ta’minlash, akusher-ginekologlar va bolalar shifokorlari malakasini oshirish va boshqa qator vazifalar tayinlandi.
Farmoyishning ijrosini nazorat qilish bosh vazir Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklandi.
Izoh (0)