Yengil atletika federatsiyalari xalqaro assotsiatsiyasi (IAAF) sobiq prezidenti Lamin Diak Rossiya yengil atletika federatsiyasi sobiq rahbari Valentin Balaxnichevni rossiyalik yengil atletikachilar dopingdan foydalanganini yashirish uchun pora berganlikda aybladi. Bu haqda Le Monde manbalariga tayanib, “Sovsport.ru” xabar bermoqda.
“Rossiya sportchilarida chetlatilish ehtimoli bilan bog‘liq muammolar bor edi. Biz ularga Rossiyadan ko‘mak olish evaziga yordam berishga rozi bo‘ldik. Balaxnichev hammasini tashkillashtirdi, moliyaviy masalalar bilan esa Papa Massata Diak (Laminning o‘g‘li) shug‘ullandi. O‘rtamizda yozma kelishuv bo‘lmagan. Men saylovlarda g‘olib chiqish uchun 1,5 million yevro kerak bo‘lishini aytdim. U ‘muammo yo‘q, bu masalani yechishga harakat qilamiz’ dedi”, — deya ma’lum qilgan Diak.
Eslatib o‘tamiz, Butunjahon antidoping agentligi (WADA) mustaqil komissiyasi Rossiyani antidoping qoidalarini buzishda ayblab, IAAF’ga Rossiya federatsiyasi faoliyatini to‘xtatish, shuningdek, rossiyalik yengil atletikachilarni IAAF shafeligidagi musobaqalar, jumladan, Rio-de-Janeyrodagi Olimpiada o‘yinlaridan chetlatishni tavsiya qilgan.
Izoh (0)