Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti Kirsan Ilyumjinov AQSh moliya vazirligini obro‘ va or-nomus himoyasi yuzasidan sudga bermoqchi, deya xabar bermoqda “TASS”.
Nashr eslatishicha, noyabrda AQSh moliya vazirligi Ilyumjinovni Suriya hukumati va mamlakat Markaziy bankiga moddiy yordam bergani va ularning manfaatlarini ko‘zlab harakat qilgani uchun o‘z sanksiya ro‘yxatiga kiritgan edi.
“Men AQSh moliya vazirligidan o‘z sanksiya ro‘yxatiga qo‘shishi sabablarini tushuntirib berishini kutyapman, — dedi Ilyumjinov. — Vazirlikdan rasmiy hujjatni olishim bilan, boshqa mamlakat fuqarosi sifatida sudga murojaat qilmoqchiman. Men Amerika qonunlari bo‘yicha sudlashishga va AQSh moliya vazirligini obro‘ va or-nomus himoyasi bo‘yicha sudga berishga tayyorman”.
Moliya vazirligi sanksiyalari tufayli Ilyumjinov o‘z vakolatlarini FIDE birinchi vitse-prezidenti Georgios Makropulosga vaqtinchalik topshirgan edi.
Izoh (0)