AQShning General Motors korporatsiyasi transport vositalarining va hatto garaj hamda qurilish inshootlarining yonib ketishiga sabab bo‘lgan dvigatellardan moy oqishi muammosi sabab o‘zining 1,4 million avtomobilini chaqirib oladi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Kompaniya vakili Alen Edlerning ma’lum qilishicha, mazkur kamchilikni oddiy ta’mir yo‘li bilan hal etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar kutilgan samarani bermagani sabab, avtomobillarni chaqirib olishga zarurat tug‘ildi.
Ma’lum bo‘lishicha, oddiy ta’mirdan o‘tgan avtomobillarning 1,3 mingga yaqinida yong‘in chiqishi holati yuz bergan. Bunda gap 1997-yilda ishlab chiqarilgan modellar haqida bormoqda.
General Motors vakilining qayd etishicha, bu qadar ko‘plab avtomobillarning ta’mir uchun chaqirilishi, mazkur chora oqibatlari ko‘lami hali belgilanmagani sabab, korporatsiyaning to‘rtinchi chorakdagi daromadlariga ta’sir qilishi mumkin.
“Mazkur nosozlikni bartaraf etish yo‘li hali belgilanmagani sabab, avtomobillarni chaqirib olish bilan bog‘liq xarajatlar daromadlarga ta’sir qilish-qilmasligi haqida ishonch bilan fikr bildira olmaymiz”, — deya qayd etdi Edler.
Izoh (0)