“Tog‘lik kuyov” filmidagi roli orqali tomoshabinlar e’tiborini qozongan aktor va sport ustasi Yo‘lchi Ortiqov 51 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Uning o‘limiga yurak xuruji sabab bo‘lgani aytilmoqda.
“Tog‘lik kuyov” filmi bundan roppa-rosa 26 yil avval katta ekranga chiqarilgan. Filmning muvaffaqiyatiga ko‘pchilik shubha bilan qaragan bo‘lsa-da, u o‘z davrining eng kassabop filmlaridan biri bo‘lgan. Filmga Mashrab Kimsanov rejissyorlik qilgan.

Mashrab aka bosh rol ijrochisi Yo‘lchi Ortiqov bilan Qozog‘istondagi syomkalarning birida tanishib qolgan. O‘shanda Yo‘lchi Ortiqov Mashrab akaga kaskadyorlik qilgan ekan. “Yonish kerak bo‘lgan sahnani ham tabiiy o‘ynadi”, deb rosa maqtagandi. Haqiqatan ham Yo‘lchi Ortiqov iste’dodli aktyor va sport ustasi. Ammo uning ham o‘ziga yarasha qaysarliklari bor. Mashrab aka u bilan yaxshi til topishgani uchun suratga olish maydonchasida deyarli qiyinchilik tug‘ilmagan.
Faqatgina Oqtosh qishlog‘ida Yo‘lchini ko‘taradigan baquvvat ot topolmay rosa xunob bo‘lishgan. Bittagina ot topilgan, ammo u ham chopag‘on emas, oddiy hashaki ot bo‘lgan. Film ssenariysiga ko‘ra, Yo‘lchi ot choptirib kelishi va u belgilangan manzilga kelganida ulov ikki old oyog‘ini ko‘tarishi kerak edi. Aksiga olib, ot oyoqlarini ko‘tarmagan. Shu bois bu sahna qayta-qayta dubl olingan, degan edi aktrisa Adolat Kimsanova intervyularidan birida.
Izoh (0)