Angliyaning “Manchester Siti” klubi o‘zbekistonlik markaziy himoyachi Abduqodir Husanovning kelajagi borasidagi rejalarini ochiqladi. Bu haqda britaniyalik jurnalist Simon Baykovskiyga tayanib Euro-Football nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, “shaharliklar” rahbariyati 21 yoshli futbolchini 2025/26-yilgi mavsum jamoada olib qolishni rejalashtirmoqda. Klub mutasaddilari uning salohiyatiga ishonadi va yosh futbolchiga imkon berishda davom etmoqchi. Shuningdek, “Siti”dagi bir nechta himoyachilarning jamoadan ketishi kutilmoqda. Mazkur holat Abduqodirning jamoada qolish imkoniyatini oshiradi.
Ma’lumot uchun, avvalroq Husanovga Angliyaning boshqa bir jamoasi — “Manchester Yunayted” ham qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Eslatib o‘tamiz, himoyachi 2025-yil yanvar oyida Fransiyaning “Lans” klubidan “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tgan. U ingliz klubi safida shu kungacha 10 ta o‘yinda maydonga tushib, bitta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq so‘nggi vaqtlarda u zaxirada qolmoqda. Shu sababli, yozgi transfer oynasi vaqtida Abduqodir klubni tark etishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
Abduqodir Husanovning “Siti” bilan shartnomasi 2029-yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 35 million yevroga baholagan.
Izoh (0)