Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida joylashgan qadimiy hammomlardan biri yana shahar aholisiga xizmat ko‘rsata boshladi, deb xabar beradi “Samarkandskiy Vestnik”.
Ochildimurod Miriy nomidagi mahalla hududida joylashgan hammom XVII asrda shaharning boy fuqarolaridan biri Muhammad Naqibbek tomonidan qurilgan edi. Arxiv ma’lumotlariga ko‘ra, hammom oxirgi marta 1888-yilda qayta ta’mirdan chiqarilgan. O‘shandan beri u yaroqsiz ahvolga kelib qolgan edi. Uning aksariyat xonalari buzilib ketgan.
Biroq bir necha yil avval kattaqo‘rg‘onlik tadbirkor Muhiddin Eshmonov uni qayta tiklashga qaror qildi. U obyektning dastlabki loyihasini topib, unga asoslangan holda binoni qayta ta’mirdan chiqarishga kirishdi. Binoning vayron bo‘lgan qismlari qayta tiklanib, kanalizatsiya tarmog‘iga ulandi, isitish tizimi yangilandi.
Shunday qilib uzoq yillardan so‘ng, oddiy hammom yana shahar aholisiga xizmat ko‘rsata boshladi.
Izoh (0)