AQSh Milliy xavfsizlik agentligi sobiq xodimi Edvard Snouden BBC telekanaliga bergan intervyusida Buyuk Britaniya hukumat aloqalari boshqarmasi (GCHQ)da foydalanuvchilarni xabardor qilmasdan smartfonlarga hujum qilish uchun zarur vositalar borligini ma’lum qildi, deb yozadi “Vedomosti”.
Buning uchun ular mobil telefonga shifrlangan matnli xabar yuborishi kifoya, shundan so‘ng maxsus xizmatlar atrofda bo‘layotgan barcha narsani eshitish va tasvirga olish imkonini qo‘lga kiritadi. Josuslik xabarining o‘zi esa abonent uchun ko‘rinmas bo‘ladi.
“Maxsus xizmatlar kimga qo‘ng‘iroq qilayotganingiz, nima deb xabar yozganingiz, qaysi saytlarga kirganingiz, qayerlarda bo‘lganingiz, telefoningiz qanday simsiz aloqa tarmoqlariga ulanganini ko‘ra oladi”, — dedi Snouden.
GCHQ bu ayblovlarga izoh bermadi. Britaniya hukumati vakili “razvedka xizmatlari bilan bog‘liq masalalarni izohlamasligi”ni, “GCHQ’ning butun faoliyati esa qat’iy huquqiy rejim doirasida olib borilishi”ni ta’kidladi.
Edvard Snouden bilan bog‘liq mojaro 2013-yil iyunida kelib chiqqan edi. O‘shanda u AQSh maxsus xizmatlari internet va mobil aloqa orqali butun dunyodagi foydalanuvchilarni kuzatib borgani haqidagi maxfiy axborotlarni fosh etgan edi.
Izoh (0)