Xitoy janubiga yopirilgan “Muchjige” kuchli tropik to‘foni natijasida halok bo‘lganlar soni 6, jarohatlanganlar soni esa 215 nafarga yetdi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi (CCTV) ma’lumotiga asoslanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
“Dushanba, 10:00 (mahalliy vaqt bilan) holatiga ko‘ra, “Muchjige” to‘foni natijasida 6 nafar kishi halok bo‘lgan, 215 nafar odam esa yaralangan. Halok bo‘lganlarning 3 nafari va jarohatlanganlarning 214 nafari Guanchjou shahrining Panyuy uyezdidan. Qolganlar esa Foshan shahrining Shunde tumanidan”, — deb xabar qiladi telekanal.
“Muchjige” to‘foni 4-oktabr, yakshanba kuni kunduzi Guandun provinsiyasiga yetib kelgan, kechqurun esa Guansi-Chjuan muxtor tumanigacha borgandi. Sinxua agentligining ma’lum qilishicha, tumandagi 870 ming kishi falokat ostida qolgan, 50 ming nafardan ortiq kishi esa ko‘chirilgan edi. Tabiiy ofat mamlakat qishloq xo‘jaligi yerlari hamda binolariga jiddiy zarar yetkazgan.
Eslatib o‘tamiz, Xitoy janubiga “Muchjige” tropik to‘foni yaqinlashib kelayotgani munosabati bilan hududda xavfning “qizil” darajasi e’lon qilingan edi.
Izoh (0)