Germaniya kansleri Angela Merkel Facebook asoschisi Mark Sukerbergga o‘z e’tirozlarini bildirdi, deya xabar bermoqda “Exo Moskvi”.
Kansler xonim ijtimoiy tarmoq rahbariyati rasmiy Berlinning millatlararo totuvlikka rahna soluvchi va irqiy kamsitish mazmunidagi xabarlarning tarqalishiga qarshi kurash borasidagi xohish-istaklariga yetarli darajada e’tibor qaratmayotganidan norozi.
Bloomberg agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Merkel BMTning Nyu-Yorkdagi tadbirlaridan birida yopiq tartibda Facebook rahbariga mazkur masalaga tegishli savol bilan murojaat qilgan. Sukerberg “biz bu masala ustida ozgina ishlashimiz kerak”, qabilida javob bergan.
Bunday javobdan qoniqish hosil qilmagan Merkel qaytadan qiziqib so‘ragan: “Sizlar bu masala ustida ishlayapsizlarmi?”. Sukerberg: “Yeah”, — deb javob qaytargan. Suhbatning qanday davom etgani ma’lum emas.
Avvalroq, Germaniyaga muhojirlar oqimi kuchayib borayotgani munosabati bilan, Angela Merkel Facebook’ni millatlararo totuvlikka rahna soluvchi xabarlarga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirgan edi.
Izoh (0)