Avstraliyalik Lyusi Kelli Sidneydagi App Store do‘koniga iPhone 6s xarid qilish uchun o‘zining o‘rniga robotni jo‘natdi. 24-sentabr, payshanba kuni erta tongda temirtan xaridor do‘konga yetib keldi. Bu haqda Mashable xabar bermoqda.
Foto: Mashable
Kellining hikoya qilishicha, u iPhone 6s’ni birinchilardan bo‘lib xarid qilishni istagan, ammo ishda band bo‘lgani uchun navbatda turishga ikki kun vaqt sarflashga ko‘zi qiymagan. Boshlig‘i esa ayolga o‘zining o‘rniga kompaniyalari ishlab chiqargan Atomic 212 robotini jo‘natishni maslahat bergan.Mazkur robot segveyga o‘xshash qurilmaga ulangan iPad planshetidan iborat. Maxsus dastur yordamida Kelli uni boshqarishi, hatto atrofdagilar bilan kamera va mikrofon yordamida muloqot qilishi ham mumkin. Robot kechki payt uning o‘rniga chodirda navbatda turadi, keyin do‘konga borib, yangi telefonni sotib oladi.
Mashable’ning yozishicha, navbatdagi turganlar va o‘tkinchilar noodatiy xaridorni iliq qarshi olgan. Ular robot bilan muloqotda bo‘lib, selfiga tushgan.
Izoh (0)