Kelasi yil Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkaziladigan Olimpiada o‘yinlarining shiori “Biz hammamiz – Braziliya” bo‘ladi. Bu haqda Folha de Sao Paulo gazetasi xabar tarqatdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Ma’lumotda keltirilishicha, ushbu shior shaxsan Braziliya prezidenti Dilma Russeff tomonidan qabul qilingan. Davlat rahbari bu borada aloqa va jamoatchilik masalalari bo‘yicha mas’ul bo‘lgan xodimlari bilan bir necha marotaba maslahatlashgan.
Ta’kidlash joizki, Braziliya hukumati bir qator shiorlarni ko‘rib chiqqan. Masalan, “mehnat oltinga aylanadi” shioriga muhokama ishtirokchilari salbiy munosabat bildirgan. Buning sababi sifatida, Braziliya Olimpiada o‘yinlarining peshqadam davlatlaridan biri emasligini va shu bois mazkur musobaqalarda ko‘plab oltin medallarga da’vogarlik qilish ehtimoli kam ekanligini ta’kidlashgan.
Tasdiqlangan shiorni reklamasi uchun sarflanadigan xarajatlar, tegishli vazirliklar tomonidan ajratiladigan mablag‘larga bog‘liq. Federal hukumat tomonidan o‘yinlarning tasdiqlangan umumiy budjeti 5,3 milliard Braziliya reali (taxminan 1,36 milliard AQSh dollari)ni tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlari 2016-yilning 5—21-avgust kunlari o‘tkaziladi. Bu Janubiy Amerika qit’asida tashkil etiladigan dastlabki Olimpiada o‘yinlari bo‘ladi.
Izoh (0)