Xitoyning Tyanszin shahrida yuz bergan portlash qurbonlari xotirasi uchun fojia yuz bergan joyda xotira yodgorligi o‘rnatiladi. Bu haqda, 12-avgust kuni portlash yuz bergan “Binxay” portbo‘yi hududiy ma’muriyatiga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Portlash natijasida kamida 160 kishi halok bo‘lgan bo‘lib, ularning 96 nafari o‘t o‘chiruvchilar, 11 nafari politsiyachilardir. 13 kishi hali ham bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida turibdi. Fojia oqibatida 800 ga yaqin kishi turli darajada tan jarohati oldi.
Yodgorlik atrofida umumiy maydoni 24 gektarga teng xiyobon tashkil etish haqida qaror qabul qilingan. Bundan tashqari, shahar ma’muriyati portlash natijasida uyi vayron bo‘lganlarga 5 mingdan ortiq yangi xonadonlarni taqdim etish niyatida.
Portlash “Juyxay” logistika kompaniyasining omborxonalarida yuz bergandi. Portlash to‘lqini 2 kilometr radiusdagi turar-joy binolarining derazalarini sindirib yubordi va mingdan ortiq avtomobillarga zarar yetkazdi.
Izoh (0)