Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Jorj Edgar 24-avgust kuni Chevening stipendiya dasturi doirasida Britaniya universitetlarida ta’lim olish huquqini qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik mutaxassislarga tegishli sertifikatlarni topshirdi. Bu haqda “Review.uz” xabar bermoqda.
Chevening dasturi Buyuk Britaniya hukumatining xalqaro stipendiyasi bo‘lib, mamlakat Tashqi ishlar vazirligi va hamkor tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladi. Dastur doirasida butun dunyodan kelgan yetakchilik qobiliyatiga ega talabalar Britaniya universitetlari magistraturasida ta’lim olish huquqini qo‘lga kiritadi. 1994-yildan beri mazkur dastur doirasida o‘zbekistonlik 200 ga yaqin mutaxassis Britaniyada o‘qidi.
2015-yilda, bir necha bosqichli murakkab saralash bosqichidan so‘ng, davlat, xususiy va nodavlat sohalarda mehnat qilayotgan sakkiz mutaxassis Chevening stipendiyasining O‘zbekistondagi sohiblariga aylandi. G‘oliblar London, Nottingem, Birmingem, Kardiff, Esseks va Redingning nufuzli universitetlarida magistratura yo‘nalishi bo‘yicha bilim oladi.
O‘zbekistonlik talabalar yurisprudensiya, iqtisodiyot, ingliz tilidan ta’lim berish, axborot texnologiyalari, jamoatchilik bilan aloqalar va global kommunikatsiyalarni boshqarish, iqlim o‘zgarishi va iqtisodiy rivojlanish, davlat boshqaruvi kabi fanlar bo‘yicha malaka oshiradi.
Izoh (0)