Meksika prezidenti Enrike Penya Nyeto o‘t pufagidagi operatsiyadan ikki oy o‘tib, o‘zining qo‘riqlash xizmati tomonidan yilda bir marotaba tashkil etiladigan yugurish musobaqasida qatnashdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Meksika prezidenti 10 kilometrlik masofani yugurib o‘tish uchun 50 daqiqa 50 soniya vaqt sarfladi. U bilan birga hukumatning bir qator a’zolari, xususan, sog‘liqni saqlash vaziri Mersedes Xuan Lopes, shuningdek, prezident matbuot kotibi Eduardo Sanches ham yugurishga chiqdi.
“Mazkur yugurishda ishtirok etganimdan juda mamnunman”, — dedi 49 yoshli prezident. “Tibbiyot nuqtai nazaridan qaraganda, ikki oycha avval operatsiya qilingan insonning belgilangan masofani bosib o‘tgani tahsinga loyiq”, — deya qo‘shimcha qildi sog‘liqni saqlash vaziri.
Meksika prezidenti iyun oyi oxirida o‘t pufagini oldirib tashlash bo‘yicha jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazgandi. Qayta tiklanish jarayoni tez kechdi va u bir necha kundan so‘ng prezidentlik ishini bajarishga kirishdi. Eslatib o‘tamiz, Enrike Penya Nyeto 2012-yili olti yil muddatga Meksika prezidenti etib saylangan.
Izoh (0)