Misr hukumati arab mamlakatlari koalitsiyasi tomonidan Yamandagi isyonchi shialar (xusiylar)ga qarshi olib borilayotgan harbiy operatsiyadagi ishtirokini yana olti oyga uzaytirdi. Bu haqda “Kommersant.ru” xabar bermoqda.
Mazkur qaror Misr Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishi yakunlariga asosan qabul qilingan. Misrning missiyadagi ishtiroki Fors ko‘rfazi, Qizil dengiz va Bob al-Mandib bo‘g‘ozidagi Misr va arab milliy xavfsizligini himoya qilish maqsadida uzaytirilgan.
Eslatib o‘tamiz, yarim hududi shia guruhlari — xusiylar tomonidan egallab olingan Yamandagi nizoga bevosita harbiy yo‘l bilan aralashish haqidagi qaror Saudiya Arabistoni tomonidan qabul qilingan edi.
Saudiya Arabistoni hukumatidagi manbalarning ta’kidlashicha, Yamanga quruqlikdan bostirib kirish rejasi yo‘q, asosiy kuch Yaman qabilalarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Aftidan, Eron ham xusiylarga xuddi shu taktika asosida ko‘mak ko‘rsatishni maqsad qilgan. Bu holat esa Yamanni uzoq yillar davomida islom dunyosining ikki yetakchisi o‘rtasidagi qarama-qarshilik maydoniga aylantirib qo‘yadi.
Izoh (0)