Toshkent, ko‘chalarni planlashtirish borasida, piyodalar emas, avtomobillar shahriga aylanib bormoqda, deb yozadi “Gazeta.uz”. Bunday shaharda avtotransport roli o‘sib boradi, mashinasi bo‘lmagan kishilarning kerakli manzilga yetib borishi esa qiyinlashaveradi.
“Toshkentdagi olti—sakkiz polosali ko‘chalarni svetofor bilan belgilangan vaqt ichida kesib o‘tish haqiqatdan yiroq, tartibga solinmagan kesib o‘tish joylarida tezlik kamaytirilmaydi, yer osti va yer usti o‘tish joylari esa masofani uzaytiradi va avtomobilsiz kishilarga qiyinchiliklar tug‘diradi, xavfsizlik orolchalari va yetarli miqdordagi ko‘cha belgilari esa yo‘q”, — deyiladi maqolada.
Muallif misol sifatida Toshkentning ba’zi hududlaridagi yo‘llarni tilga oldi. Xususan, Toshkent kurantlari va Amir Temur xiyoboniga tutashgan ma’muriyat binosi oralig‘idagi yo‘l qismida 2010-yildan buyon “zebra” chizig‘i yo‘qligi, eng yaqin o‘tish yo‘li esa 180 metr masofada joylashgani piyodalar uchun noqulaylik keltirib chiqarayotgani aytiladi. Shuningdek, Oybek va Chexov ko‘chalari chorrahasida ham shunga o‘xshash vaziyat hukmron ekanligi qayd etiladi.
Bundan tashqari, maqolada yaqinda Mirzo Ulug‘bek tumanida Salor bazasidan Mustaqillik ko‘chasiga olib boruvchi Sayram 7-tor ko‘chasi yopib qo‘yilgani ham aytib o‘tildi.
Izoh (0)