Hindiston bosh vaziri Narendra Modi 2016-yilda Janubiy Osiyo mintaqaviy hamkorlik assotsiatsiyasi (SAARK) sammitida ishtirok etish uchun Pokistonga tashrif buyuradi. Bu haqda “Kommersant.ru” xabar bermoqda.
“Pokiston bosh vaziri Navaz Sharif Hindiston bosh vaziri Narendra Modini SAARKning 2016-yili Pokistonda bo‘ladigan sammitiga taklif qildi. Bosh vazir Narendra Modi mazkur taklifni qabul qildi”, — dedi Hindiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Subramaniam Jaishankar.
Osiyoning yadroviy qurolga ega ikki mamlakati — Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar hind hokimiyati tepasiga Narendra Modi kelganidan so‘ng yana keskinlashgan edi. Jumladan, Hindiston tomoni ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan va kelasi hafta Islomobodda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan ikki tomonlama muzokaralarda ishtirok etishdan bosh tortayotgan edi.
Bunga Pokiston elchisining Dehlida Kashmir yetakchilari bilan uchrashgani sabab bo‘lgan — Hindiston hukumati mazkur yetakchilarni ayirmachilar deb ataydi. Pokiston tomoni Kashmirdagi nufuzli kuchlar bilan aloqa o‘rnatish kerakligini ta’kidlab kelsa-da, Hindiston Kashmir masalasini tartibga solishda “terrorchilarga o‘rin yo‘qligi”ni qayd etadi.
Izoh (0)