Google yangi texnologiyalarni joriy etish orqali Nyu-Yorkda turmush sharoitlarini yaxshilash bilan shug‘ullanmoqchiligini e’lon qildi. Buning uchun mustaqil startap — Sidewalk Labs yaratildi va unga Bloomberg’ning sobiq ijrochi direktori Den Doktoroff rahbar etib tayinlandi, deya xabar bermoqda “3dnews.ru”.
Sidewalk Labs’ning ilk qadami Nyu-Yorkda Internetga Wi-Fi orqali tezkor ulanish bilan shug‘ullanuvchi ikki kompaniya — Control Group va Titan Outdoor’ni sotib olishda bosh investor tariqasida qatnashish bo‘ldi. Shundan so‘ng ularning barchasi Intersection nomli yangi kompaniyaga birlashtirildi.
Ushbu kompaniyaga taksofon va avtobus bekatlaridan Wi-Fi-punktlari o‘rnida foydalanishni ko‘zda tutuvchi LinkNYC nomli loyihani amalga oshirish topshirildi. Yangi punktlarning vazifalari qatoriga mamlakat ichida bepul qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish, mobil telefonlarni quvvatlantirish, ekranlarda shahardagi xizmatlar to‘g‘risida axborot berish va boshqalar ham kiradi.
Shaharda 10 000 tacha shunday punkt joylashtirilishi ko‘zda tutilgan. Loyihani amalga oshirish yil oxirigacha yakuniga yetkaziladi. Agar u muvaffaqiyatli chiqsa, AQShning boshqa shaharlarida ham bu tajriba ommalashtiriladi.
Izoh (0)