Yengil motorli samolyot Kolumbiya changalzorlariga qulaganidan besh kun o‘tib yosh ona va uning chaqalog‘i tirik holda topildi. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda.
Qutqaruvchilar yuz bergan hodisani mo‘jiza deb atashdi. Qayd etishlaricha, 18 yoshli Mariya Nelli Murilo yengil jarohat olib, biroz kuygan. Uning o‘g‘li Yudier Moreno ham yengil kuyish jarohatini olgan.
Qidiruv guruhi halokatga uchragan samolyotning eshiklaridan biri ochiqligini ko‘rib, yo‘lovchilar omon qolgan degan xulosaga kelgandi. Qutqaruv operatsiyasida 14 kishi ishtirok etdi.
Hozirgi vaqtda yosh ona farzandi bilan birga mamlakat g‘arbidagi Kibdo shahrida joylashgan shifoxonada tiklanmoqda.
Kibdodan Nukiga uchib ketayotgan ikki motorli Cessna samolyoti 20-iyun, shanba kuni halokatga uchragan edi. Oradan uch kun o‘tib halok bo‘lgan uchuvchining jasadi topildi. Avariya sabablari o‘rganilmoqda.
Izoh (0)