Luiziana gubernatori Bobbi Jindal 24-iyun kuni AQSh prezidentligi uchun 2016-yili bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtirok etishini ma’lum qildi, deb xabar beradi Reuters.
44 yoshli siyosatchi Respublikachilar partiyasidan o‘z nomzodini qo‘yadi.
Jindal hindistonlik immigrantlar oilasida tug‘ilgan. Unga hindcha Piyush ismi qo‘yilgan, ammo bolaligidan beri The Brady Bunch teleshousi qahramonlaridan birining sharafiga uni Bobbi deb atashadi. U kelib chiqishi janubiy Osiyodan bo‘lgan AQShning birinchi gubernatori hisoblanadi.
16-iyun kuni Respublikachilar partiyasidan multimilliarder Donald Tramp ham prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yishini ma’lum qilgandi. Umumiy hisobda bu partiyadan 13 kishi prezidentlik poygasida ishtirok etishini ma’lum qilib ulgurdi. Jamoatchilik orasida o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, Floridaning sobiq gubernatori, AQShning 43-prezidenti kichik Jorj Bushning ukasi Jeb Bush birinchi o‘rinda bormoqda.
Mamlakat rahbari lavozimiga Demokratlar partiyasidan 4 kishi da’vogarlik qiladi, ular orasida sobiq birinchi xonim Hillari Klinton ham bor.
AQSh prezidentligi uchun saylov 2016-yil 8-noyabrda o‘tkaziladi. Iyul oyida Demokratlar va Respublikachilar partiyalaridan bittadan nomzod tanlab olinadi. AQShning amaldagi prezidenti Barak Obama konstitutsiyaga ko‘ra, uchinchi muddatga saylana olmaydi.
Izoh (0)