Fransiya prezidenti Fransua Olland Le-Burje xalqaro aerokosmik salonining 51-mavsumini ochib berdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Parij yaqinidagi mazkur tarixiy aerodrom hududida jahon aviatsiya sohasining yetakchi ishlab chiqaruvchilari bir hafta davomida o‘z mahsulotlarini namoyish etishadi.
Salonni ocharkan, Fransua Olland bu yilgi Le-Burjedan Fransiya “faqat yaxshi xabarlar” kutayotganini ma’lum qildi. Bu yilgi tadbirda 50ga yaqin mamlakatdan 2260 ishtirokchi qatnashadi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda aviasozlik Fransiya uchun eng muhim tarmoqlardan biri hisoblanadi, mamlakatda 200 ming kishi aynan shu sohada mehnat qilmoqda, sohaning yillik aylanmasi 50 milliard yevroga teng.
Le-Burjedagi xalqaro aerokosmik salon har ikki yilda bir marta tashkil etiladi va jahon aviatsiya sohasidagi eng katta voqealardan biri hisoblanadi. Har yili yuz minglab odamlar tadbirga tashrif buyuradi.
Bu yilgi aviasalon 21-iyunga qadar davom etadi.
Izoh (0)