Hindistonning Air India davlat aviakompnaiyasi ekipajlarning hozirgi vaqtda ta’lim olayotgan yangi a’zolari uchun yoga mashg‘ulotlarini joriy etdi. Bu haqda The Economic Time xabar bermoqda.
“Biz birinchilardan bo‘lib tayyorlov dasturiga yogani kiritdik. U intizomga o‘rgatadi, shuningdek, ishdagi stressdan qutilishda yordam beradi”, - dedi Air India vakili. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyaning barcha yangi xodimlari tonggi soat 6:30da bo‘ladigan mashg‘ulotlarga kelishi kerak. Aviakompaniya yaqinda 78 uchuvchi va ekipajning boshqa 300 a’zosini ishga olgandi.
Time’ning qayd etishicha, 2014-yilda hokimiyat tepasiga bosh vazir Narendra Modi kelganidan so‘ng, u mamlakatda yogani ommalashtirishga urinmoqda. Hukumat davlat xizmatchilari uchun bepul yoga mashg‘ulotlarini joriy etgan.
BMT Bosh assambleyasining 69-sessiyasida so‘zga chiqqan Modi Xalqaro yoga kunini ta’sis etish taklifini o‘rtaga tashlagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “yoga odamlar hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirishga, ularda mas’uliyat hissini uyg‘otishga yordam beradi”. Oqibatda, har yili 21-iyunda ushbu bayramni nishonlash haqida qaror qabul qilindi.
Yoganing ashaddiy ishqibozi sanalgan Hindiston bosh vaziri 21-iyun kuni Nyu-Dehli markazida 35 daqiqalik ochiq mashg‘ulot o‘tkazishi kutilmoqda.
2014-yil noyabrida Hindistonda asosiy maqsadi an’anaviy hind tibbiyoti, yoga va ayurvedani ommalashtirish bo‘lgan vazirlik tashkil etilgandi. Xabar berishlaricha, vazirlik ehtiyojlari uchun 2014-2015-moliya yilida hukumat 10,69 milliard rupiy (174 million dollar) ajratgan.
Izoh (0)