Megan Markl va shahzoda Garri Netflix bilan hamkorlik doirasida bir vaqtning o‘zida bir nechta loyihalar ustida ishlamoqda. Ulardan biri — 1997 yilda avtohalokatda vafot etgan malika Diana hayotiga bag‘ishlangan hujjatli film bo‘lib, u marhuma vafotining 30 yilligiga bag‘ishlab suratga olinadi, deb yozmoqda Marie Claire nashri.

Qirollik oilasi uchun muhim bo‘lgan sana — malika Diana o‘limining 30 yilligiga hali ikki yil borligiga qaramay, striming kompaniyasi keyingi olti oy ichida film ustida ish boshlashi lozim.
Shahzoda Garri va Megan Markl joriy yilning avgust boshida striming xizmati bilan shartnomani uzaytirgani ma’lum bo‘ldi, bu esa ularga yanada ko‘proq hujjatli filmlar suratga olish imkonini beradi. Jumladan, tez orada “Hurmat bilan, Megan” shousining ikkinchi mavsumi namoyish etiladi, unda gertsoginya turli retseptlar, uy-ro‘zg‘or sirlarini baham ko‘radi va mashhur mehmonlar bilan suhbatlar o‘tkazadi.
Shuningdek, Megan Markl muxlislari uchun qishki bayramlar arafasida kichik bir sovg‘a tayyorlanmoqda. Unga ko‘ra, gertsoginya Montesitodagi Rojdestvo tajribalari bilan bo‘lishadi.

Bundan tashqari, Sassekslar jiddiy loyihalar ustida ham ishlamoqda. Jumladan, Ugandadagi OIV/OITS epidemiyasidan jabrlangan yetim bolalarni tasvirlangan “Masaka Kids: A Rhythm Within” hujjatli filmi ham deyarli tayyor bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, shahzoda Garri Buyuk Britaniya qirollik oilasining yosh a’zosi bo‘lib, Qirol Charlz III ning o‘g‘li va shahzoda Uilyamning ukasi hisoblanadi. U 1984-yilda tug‘ilgan va qirollik oilasi a’zosi sifatida turli jamoatchilik loyihalarida faol ishtirok etgan.
Megаn Markl amerikalik aktrisa va ijtimoiy faol bo‘lib, 1981-yilda Los Anjeles shahrida tavallud topgan. U kino va televideniye loyihalarida faoliyat yuritib, xayriya ishlari bilan ham tanilgan.

Garri va Megan 2018-yilda Vindzor qasrida turmush qurishgan. Sasseks gertsogi va gertsoginyasi sifatida ular qirollik oilasi a’zolari sifatida hayot kechirgan, ammo vaqt o‘tishi bilan mustaqil hayotga o‘tib, Kanadaga, keyin esa AQSHga ko‘chib ketgan.
Shahzoda Garri va Megаn Markl tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar ko‘pincha jamoatchilik e’tiborini tortadi va turli bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, ular xayriya va ijtimoiy tashabbuslarda ham faol ishtirok etadi.
Izoh (0)