Ukraina ilk bor “Uzun Neptun” deb ataluvchi R-360 “Neptun” qanotli raketasining uzoq masofali modifikatsiyasini ommaga taqdim etdi. Bu haqda Defence Express xabar berdi.

Mazkur raketa 1000 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi nishonlarga zarba bera oladi. Garchi uning ishlab chiqilgani haqida ilk bor 2023-yil noyabrida xabar berilgan bo‘lsa-da, hech qanday tasviri e’lon qilinmagan edi. Endi esa raketa ilk bor 24-avgust — Mustaqillik kuni munosabati bilan “Zbroya” davlat portali orqali namoyish qilindi.
Videolavhada “Neptun” Ukrainada ishlab chiqilgan boshqa qurol-yarog‘ namunalari bilan birga ko‘rsatilgan. Biroq unda raketaning aniq nomi oshkor qilinmagan. Kadrlarda “Uzun Neptun”ni o‘ziga xos yig‘iladigan X-shakldagi qanotlari orqali tanib olish mumkin.
Raketaning uchirilishi aks etgan kadrlardan ayrimlari esa arxiviy bo‘lib, ular 2018–2020-yillarda o‘tkazilgan sinovlarga taalluqlidir. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi raketaning uzunligi 6 metrdan ortiq (tezlatkichsiz) bo‘lib, bu birinchi versiya — R-360 dan qariyb 1,5 metr uzunroqdir.
Shuningdek, korpusning markaziy qismi ham kengaytirilgan: bazaviy modifikatsiyadagi 38 santimetr o‘rniga diametri 50 santimetrga yetkazilgan. Yangi raketa nafaqat uzunroq, balki og‘irroq ham bo‘lib, bu, ehtimol, yonilg‘i hajmini oshirish zarurati bilan bog‘liq. Hozircha raketaning rasmiy texnik xususiyatlari e’lon qilinmagan. Ma’lum bo‘lgan yagona jihat — u yer usti nishonlarini yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan.
Izoh (0)