2007-yilda Xo‘jalik sudi tomonidan bankrot deb e’lon qilingan Samarqanddagi “Nafis” OAJ O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 18-noyabrdagi “Iqtisodiyotning real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga va 2008-yil 19-noyabrdagi “Iqtisodiy nochor korxonalarni tijorat banklariga sotish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoyishiga asosan 2009-yilda Aksiyadorlik tijorat “Aloqabank” tomonidan tanlov savdolarida sotib olingan edi.
Ishlab chiqarish faoliyatini qayta tiklash, uni texnik va texnologik jihatdan modernizatsiyalashni ta’minlash, ichki va tashqi bozoelarda raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida AT “Aloqabank” tomonidan kiritilgan investitsiya mablag‘lari hisobiga “Nafis” OAJning mulkiy majmuasi negizida chinni buyumlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Asl nafis” MChJ tashkil etildi.
Hozirgi kunda “Asl nafis” MChJga Fransiyaning Societe CERINNOV Ceramik Innovation kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan bo‘lib, ishlab chiqarish faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilgan.
Korxona ish yurituvchisi Qodir Suvonovning so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqarishda ishlatiladigan xomashyolarning barchasi mahalliy bo‘lib, yiliga 12 mln dona chinni buyumlar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bugungi kunda 300 nafar yangi ishchi o‘rinlari yaratilgan.
Ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasining Zhongsheng yaolu Co., LTD kompaniyasi bilan muzokaralar olib borildi hamda AT “Aloqabank” tomonidan qo‘shimcha 7 milliard so‘m miqdorida ajratilgan kredit mablag‘lari hisobiga yillik 15 million dona chinni buyumlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan uskunalar sotib olindi.
Hozirgi kunda ushbu uskunalar to‘liq keltirilgan bo‘lib, ularni xitoylik hamkorlar mutaxassislari tomonidan o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Ushbu qo‘shimcha ishlab chiqarish faoliati joriy yilning avgust oyigacha to‘liq yo‘lga qo‘yilishi hamda qo‘shimcha 200 nafar yangi ishchi o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)