Rossiyaning Chelyabinsk shahrida Olimpiada o‘yinlari dasturidan o‘rin egallagan Taekvondoning WTF yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar tomonidan qo‘lga kiritilgan ulkan muvaffaqiyatlarni tarixiy voqealar sirasiga kiritish mumkin, deb yozadi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot markazi.
E’tiborlisi, dunyoning 140 dan ziyod davlati vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan mazkur yirik sport musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 1 ta oltin va 2 ta kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mazkur jahon chempionatida ishtirok etgan 140 dan ortiq davlatdan faqatgina 30 davlat vakillarigagina sovrinli o‘rinlarni egallash nasib etdi. Shundan o‘nta davlat terma jamoalari jahon chempionatining oltin medallarini qo‘lga kiritdilar. Quvonarlisi, ular orasidan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Dmitriy Shokin ham o‘rin egalladi.
E’tiborlisi, mana shunday yuksak sharafga erishish uchun yana ikki nafar yurtdoshimiz juda yaqin kelishdi. Finalga qadar kechgan bellashuvlarni o‘z foydasiga hal qilishga muvaffaq bo‘lgan Nikita Rafalovich (-74 kg) va Jasur Boyqo‘ziyev (-87 kg) jahon chempionatining kumush medallari bilan taqdirlanishdi.
Mana shunday yuksak natijalarni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Toshkent xalqaro aeroportida katta tantana va shodu-xurramlik bilan qarshi olindilar. G‘olib sportchilarimizni kutib olish uchun O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Respublika Taekvondo (WTF) assotsiatsiyasi rahbariyati, OAVlari xodimlari, sportchilarning oila a’zolari, do‘stlari peshvoz chiqdilar.
Ma’lumot uchun, dunyoning 140 dan ziyod davlati vakillari ishtirokida o‘tayotgan mazkur yirik sport musobaqasida 2016-yili Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun reyting ochkolar ham o‘ynaldi. Mazkur jahon chempionatiga qadar o‘zbekistonlik sportchilar (Eduard Xegay va Akmal Ergashev) faqatgina ikki bor jahon chempionatining kumush medallari bilan taqdirlangan edi.
Izoh (0)