O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida 5-may kuni Korean Air aviakompaniyasi prezidenti Chi Chang Xun bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda UzDaily xabar bermoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida o‘zaro hamkorlik, xususan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishida kadrlar tayyorlash yuzasidan ikki tomonlama aloqalar muhokama qilindi.
Jumladan, tomonlar 2014-yilda O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi va Janubiy Koreya hukumatining qo‘llab-quvvatlashi, hukumatlarning sa'y-harakatlari natijasida qisqa muddat ichida qurib, faoliyati tashkil qilingan, Toshkent shahridagi nufuzli Inxa universitetini e'tirof etishdi.
Shu bilan birga, xorijda tashkil etilgan Janubiy Koreyaning ilk hamkorlikdagi oliy ta'lim muassasasi ekanini inobatga olib, Toshkent shahridagi Inxa universitetining istiqboldagi faoliyatini zamonaviy talablar asosida yanada takomillashtirish muhimligi qayd etildi.
Tomonlar universitetni qo‘llab-quvvatlash, xususan ta'lim maskani hududidagi qurilish ishlarini davom ettirish, zamonaviy texnologiyalar bilan ta'minlash, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlardan malakali pedagoglarini jalb qilish yuzasidan kelishib oldilar.
Ma’lumot uchun, Janubiy Koreyaning yirik va nufuzli Korean Air aviakompaniyasi Inxa universiteti muassisi hisoblangan Hanjin Group kompaniyalari guruhi tarkibiga kiradi.
Izoh (0)