“O‘zbektelekom” kompaniyasi aloqa obyektlarini muntazam energiya bilan ta’minlash va elektr energiyani iqtisod qilish maqsadida 2012-yildan beri quyosh va shamol elektr stansiyalari kabi muqobil energiya manbalarini o‘rnatish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirdi. Bu haqda Infocom.uz xabar bermoqda.
Xususan, 2012-yilda UZMOBILE filiali tomonidan Surxondaryo viloyatidagi ikkita posyolka, 2013-yili Toshkent viloyatidagi uchta tog‘ posyolkasi, 2013-2014-yillarda respublikaning chekka tumanlaridagi 12ta qishloq ATSlari hamda 44ta chekka tumandagi bazaviy stansiyalar va radiorele stansiyalari quyosh elektr stansiyalari bilan ta’minlandi.Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, Jizzax viloyatining Duoba posyolkasidagi bazaviy stansiyaga UZMOBILE filiali tomonidan o‘rnatilgan quyosh elektr stansiyasi 8ta qishloqni uzluksiz aloqa bilan ta’minlab turibdi. 2015-yil iyunida “Zambar radiorele stansiyasi” obyektida quyosh va shamol elektr stansiyasi foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
Umuman, “O‘zbektelekom” 2015-yil davomida chekka tuman va shaharchalardagi aloqa va ATS obyektlarini barqaror elektr energiya bilan ta’minlash maqsadida 92ta quyosh elektr stansiyalarini qurib, foydalanishga topshirishni rejalashtirgan.