Qirg‘iziston bosh vaziri Jo‘mart O‘to‘rbayev mamlakat parlamentining payshanba kuni bo‘lib o‘tgan majlisida o‘z iste’fosi haqida e’lon qildi. Bu haqda KNews.kg xabar bermoqda.
Parlament deputatlari hukumatning 2014-yilgi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni tinglab, uni qoniqarli deb topgan.
“Berilgan bahodan minnatdorman. Bu bir kishining ishi emas, buning ortida minglab odamlar mehnati yotibdi. Biz barcha vazifalar uddasidan chiqa olmadik, biroq ko‘p yaxshi natijalarga erishdik”, - dedi bosh vazir.
“Men bosh vazir lavozimidan ketishga qaror qildim. Bu parlamentdagi ko‘pchilik koalitsiyasiga yaxshi ishlashi mumkin bo‘lgan yangi bosh vazirni tanlash imkonini beradi. Bunday odamlar oramizda bor, sizlarning orangizda ham bor. Almashtirib bo‘lmas odamlar yo‘q”, - dedi O‘to‘rbayev.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston bosh vaziri Jo‘mart O‘to‘rbayev iste’foga chiqish niyatida ekanligini avvalroq ma’lum qilgandi. Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, parlament a’zolari bosh vazirni o‘z xohishiga ko‘ra ariza yozishga majbur qilishgan. Siyosatchilarning qayd etishlaricha, bosh vazir iste’fosining asosiy sababi – saylovlar arafasida boshqaruv resursiga ega bo‘lishdir.
Izoh (0)