2012-yil bir fuqaro Buxoro viloyati Kogon shahridagi avtomobillarni yuvish shoxobchasida Buxoro lokomotiv deposiga kirish niyatida yurgan yigit bilan tanishadi. Yigit fuqarodan yo‘l-yo‘riq so‘raydi, deb xabar beradi “Huquq” gazetasi.
Oradan 3-4 oy o‘tib, fuqaro yigitni depoda uchratib qoladi va unga vositachilik orqali yordam qo‘lini cho‘zadigan bo‘ladi. Haydovchining iltimosini Buxoro mintaqaviy temiryo‘l uzeli boshlig‘i yerda qoldirmaydi. Natijada vositachilik qilgan fuqaro yigitdan ko‘rsatgan yordami evaziga 1 million 400 ming so‘m xizmat haqi oladi.
Shundan so‘ng, yigitning jiyani sifatida o‘zini tanishtirgan boshqa bir shaxs depoga oddiy ishchi bo‘lib kirish uchun 1200 AQSh dollari kerakligini eshitadi. Pullarni Kogon shahriga kirish yo‘lida olgan vositachi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olinadi.
Olib borilgan tergov-surishtiruv tadbirlari natijasida vositachilik qilgan fuqaroning jami 12 nafar kishini ishga kiritib, moddiy manfaat ko‘rganligi aniqlandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudining hukmiga binoan fuqaro ozodlikdan mahrum etildi.
Izoh (0)