O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi tashkiliy yig‘ilishidagi nutqida ba’zi davlatlar O‘zbekistonga havas bilan qarayotganini qayd etdi.
“Hozirgi vaqtda dunyoning uzoq-yaqin turli hududlarida yuz berayotgan tashvishli voqealar, jumladan, bizning mintaqamizda, yon-atrofimizda kuchayib borayotgan xavf-xatarlar, qonli to‘qnashuvlar, siyosiy va iqtisodiy qarama-qarshiliklar, terrorizm, radikalizm, narkotrafikning tobora avj olayotgani tinchlik va barqarorlikka qanday katta tahdid tug‘dirayotgani haqida, o‘ylaymanki, ortiqcha gapirib o‘tirishning hojati yo‘q.
Mana shunday tobora keskinlashib borayotgan bir vaziyatda biz hushyorlik va sergakligimizni yo‘qotmasdan, kimlar bizga xayrixoh, kimlar g‘arazli ko‘z bilan qarayotganini, bugungi hayot, bugungi davr bizning oldimizga qanday o‘tkir talab va vazifalarni qo‘yayotganini chuqur anglab, ogoh, sezgir va safarbar bo‘lib yashashimiz talab qilinmoqda.
Mana, sobiq Ittifoqning parchalanib ketganiga 23 yildan oshdi. Bir paytlar uning tarkibida bo‘lgan respublikalar asta-sekin oyoqqa turib, qad rostlab, mustaqil taraqqiyot yo‘lida qadam qo‘yishga intilmoqda.
Aynan bizning Vatanimiz – O‘zbekistonimizni oladigan bo‘lsak, Yaratganga ming bora shukurlar bo‘lsinkim, bugungi kunda, avvalo, xalqimizning mashaqqatli va fidokorona mehnati hisobidan erishayotgan yutuq va marralarimizni do‘stlarimiz ham, muxoliflarimiz ham tan olmoqda, islohotlarimiz samarasini jahon hamjamiyati e’tirof etmoqda. Ba’zi davlatlar, qani, biz ham shunday natijalarga erishsak, deb bizga havas bilan qarayotgani ham hech kimga sir emas.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, ayrim sobiq ittifoqdosh respublikalarning bugungi rivojlanish darajasi va ular duch kelayotgan iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni O‘zbekistonning hozirgi taraqqiyoti bilan solishtiradigan bo‘lsak, o‘rtada qanday katta farq borligini yaqqol ko‘rish, kuzatish qiyin emas.
Biz tarixan qisqa davrda, o‘tgan asrning 90-yillarida, eng og‘ir va tahlikali bir sharoitda ortiqcha hissiyotlarga berilmasdan, chetdan bo‘lgan turli tazyiqlar va soxta va’dalarga uchmasdan, O‘zbekistonimiz uchun yakkayu yagona to‘g‘ri, ya’ni tadrijiy, bosqichma-bosqich rivojlanish yo‘lini tanlab olganimiz, uzoqni ko‘zlab, yetti o‘lchab bir kesgan holda, boshqacha aytganda, shoshma-shosharlikka berilmasdan, “Men mintaqada birinchiman, men dunyoda birinchilar qatoridaman” degan maqtov so‘zlarni ishlatmasdan turib, puxta o‘ylangan vazmin siyosat olib borganimizni bugun hayotning o‘zi qayta-qayta isbotlab bermoqda.
Aynan ana shunday to‘g‘ri yo‘lni tanlaganimiz tufayli mustaqillikni mustahkamlash, Vatanimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, rivojlangan demokratik davlatlar safidan munosib o‘rin egallash, xalqimiz va kelgusi avlodlarimiz uchun hech kimdan kam bo‘lmagan hayot sharoitlarini yaratish, O‘zbekistonimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirish bo‘yicha ulkan, aytish mumkinki, asrlarga teng bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdik”, − dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Izoh (0)