Islandiya hukumati yaqin orada Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishdan voz kechishni rejalashtirmoqda. Buni mamlakat bosh vaziri Sigmundur David Gunnlaugsson Bylgjan radiostansiyasi efirida e’lon qildi, deb xabar bermoqda Parliament Magazine.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2009-yilda rasman taqdim etilgan talabnoma joriy yilning boshida qaytarib olinadi. Mbl.is nashrida keltirilishicha, Gunnlaugsson avval erishilgan barcha kelishuvlarni eskirgan deb hisoblamoqda.
Islandiya o‘ta og‘ir iqtisodiy ahvolda qolganidan so‘ng, 2009-yilning iyul oyida Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun talabnoma taqdim qilgan edi. Ushbu a’zolikdan mamlakat iqtisodiyoti barqarorligini ta’minlash va inqirozlarning oldini olish kabi natijalar kutilgan edi.
Yevropa Ittifoqiga kirish bo‘yicha muzokaralar 2010-yilda boshlangan, ammo 2013-yilda Islandiyaning yangi hukumati Bryussel bilan muzokaralarni to‘xtatish va bu masalalari referendumga olib chiqish haqida qaror qabul qildi. 2014-yilning fevral oyida Islandiya parlamenti mamlakat tashqi ishlar vaziri Gunnar Bragi Svenssonning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishdan batamom voz kechish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Izoh (0)