Malayziyaning AirAsia avialayneri halokati qurbonlari oilasidagi har bir a’zoga 24 ming dollar miqdorida dastlabki tovon puli to‘lanadi, deb yozadi “RIA Novosti”.
Free Malaysia Today yangiliklar portali xabariga ko‘ra, yo‘lovchilarning qarindoshlari AirAsia’dan xat olgan, unda moliyaviy kompensatsiya paketi haqida batafsil ma’lumot berilgan. Maktubda kompaniya ajratilgan mablag‘lar oilalarga qidiruv operatsiyasi davomida “moliyaviy qiyinchiliklar”ga qarshi kurashda yordam berishini va bunday ko‘mak ularning yaqinlari vafotini tasdiqlamasligini ta’kidlagan.
28-dekabrga o‘tar kechasi Indoneziyaning Surabaya shahridan Singapurga yo‘l olgan Malayziyaning AirAsia kompaniyasiga tegishli Airbus 320-200 samolyoti yo‘qolib qoldi.
Indoneziya transport vazirligi vakili so‘zlariga ko‘ra, Jakartadagi havo harakati ustidan nazorat xizmatining layner bilan aloqasi mahalliy vaqt bilan 6:17 (Toshkent vaqti bilan 4:17) da uzilib qolgan.
Samolyotda jami 155 yo‘lovchi bo‘lib, ularning 149 nafari indoneziyalik, uch nafari koreyalik, bir nafari britaniyalik va yana biri malayziyalikdir.
Ayni paytda samolyot parchalarini qidirish ishlari davom etmoqda.
Izoh (0)