Kecha, 21-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov bo‘lib o‘tdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 135 saylov okrugining 113 tasida deputatlar saylandi, deb xabar berdi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar, mahalliy va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari uchun o‘tkaziladigan matbuot anjumanidagi ma’ruzasida.
Jumladan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan 47 nafar, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan 17 nafar, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan 28 nafar, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan 21 nafar deputat saylandi.
Qonunchilikka ko‘ra, ovoz berish natijalarini aniqlashda okrug miqyosida ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan ko‘pini ovozini, ya’ni 50 foizdan ortiq ovoz olgan nomzod deputat etib saylangan hisoblandi.
Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 22 okrugda nomzodlarning birontasi ham yetarli miqdorda ovoz ololmaganligi sababli mazkur okruglardan deputat saylanmadi.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi Qonunning 45-moddasiga binoan, agar saylov okrugi bo‘yicha deputatlikka ikki nafardan ortiq nomzod qo‘yilgan bo‘lsa-yu, ulardan birontasi ham saylanmasa, ikki hafta ichida eng ko‘p ovoz olgan ikki nafar nomzod bo‘yicha okrugda takroriy ovoz berish o‘tkaziladi. Bu holda takroriy ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning ovozini boshqa nomzodga nisbatan ko‘proq olgan deputatlikka nomzod saylangan deb hisoblanadi.
Izoh (0)