O‘zbekistonga Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) kuzatuvchilar missiyasining 12 kishidan iborat asosiy guruhi keldi. Missiyaga elchi Daan Vilyam Everts rahbarlik qilmoqda. Bu haqda 2014-yilgi saylovlarni yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi xabar berdi.
Yaqin kunlarda ularga 8 kishidan iborat uzoq muddatli kuzatuvchilar qo‘shiladi. Shunday qilib, YeXHT/DIIHBning kuzatuvchilar missiyasi YeXHTga a’zo 16 mamlakat: Belarus, Bosniya va Gersegovina, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Italiya, Moldova, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Rossiya, Serbiya, Fransiya, Chexiya, Shveysariya, Shvetsiyaning jami 20 vakilidan iborat.
Missiya O‘zbekistondagi faoliyatini joriy yilning 1−30-dekabr kunlari davomida tashkil etishni rejalashtirgan. Uning asosiy vazifasi milliy saylov qonunchiligi hamda saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tajriba umum e’tirof etilgan xalqaro norma va standartlarga mos kelishini baholashdan iborat. Kuzatish davomida missiya saylov organlari ishining tashkil etilishi, siyosiy partiyalar, OAVning saylov jarayonidagi faoliyati bilan tanishadi.
Avval xabar qilinganidek, Markaziy saylov komissiyasining joriy yil sentabrida YeXHT/DIIHBga yo‘llagan taklifiga muvofiq, Saylovlar bo‘yicha departament boshlig‘ining o‘rinbosari Nikola Shmidt va ushbu departamentning saylovlar bo‘yicha maslahatchisi Aleksandr Shlikdan iborat DIIHB Ehtiyojlarni baholash bo‘yicha missiyasi 28−30-oktyabr kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurgandi.
Tashrif davomida Ehtiyojlarni baholash bo‘yicha missiya ekspertlari Tashqi ishlar vazirligi, Markaziy saylov komissiyasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili kotibiyati, Oliy sud, Milliy teleradiokompaniya, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlarini monitoringi instituti, O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazida, shuningdek, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishdi.
Joriy yilning 18-noyabr kuni YeXHT/DIIHB rasmiy veb-saytida Ehtiyojlarni baholash bo‘yicha missiya tashrifi yakunlari bo‘yicha hisobot e’lon qilindi. Unda mamlakatimiz Konstitutsiyasi va saylov qonunchiligiga ijobiy o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgani qayd etilgan, davlat boshqaruvini va saylov jarayonini yanada demokratlashtirish bo‘yicha choralar alohida ta’kidlab o‘tildi. Chunonchi:
- davlat boshqaruvi tizimida partiyalar va parlamentning o‘rni va ahamiyati kuchaygani, saylov yakuniga ko‘ra eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiyalarga Bosh vazir nomzodini taklif qilish huquqi berilgani;
- Markaziy saylov komissiyasiga konstitutsiyaviy organ maqomi berilgani, Konstitutsiyaning 117-moddasiga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining demokratik printsiplari, uning mustaqilligi kafolatlari mustahkamlab qo‘yilgani;
- saylov qonunchiligiga saylovoldi tashviqoti tushunchasi, uni olib borish shakllari va usullari to‘g‘risidagi normalar kiritilgani; qamoqda saqlash joylarida ovoz berish va muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarining tartibga solingani;
- saylov qonunchiligining vijdonan ijro etilishini ta’minlash maqsadida saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish sohasidagi qoidabuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikning joriy etilgani.
Shuningdek, ta’kidlash joizki, YeXHT/DIIHB bilan birga saylovlarni kuzatish istagini yana 4ta xalqaro tashkilot – MDH Ijroiya qo‘mitasi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorligi tashkiloti, Umumjahon saylov organlari assotsiatsiyasi izhor etdi.
Bundan tashqari, Respublika Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 35 ta xorijiy davlat, shu jumladan Osiyo, Yevropa, MDH mamlakatlari, Afrika va Amerikadagi 275 nafar kuzatuvchiga taklifnomalar yuborilgan. Ular orasida milliy parlamentlar va saylov organlarining rahbarlari hamda a’zolari, jamoat tashkilotlari va OAV vakillari, shuningdek, olim va siyosatshunoslar ko‘pchilikni tashkil etadi.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq, saylov komissiyalari Qonunchilik palatasi sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni ochiq va oshkora amalga oshiradilar. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda deputatlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan bittadan kuzatuvchi, ommaviy axborot vositalarining vakillari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga egadirlar. Ularning vakolatlari tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
Izoh (0)