Toshkent shahrida 28-noyabr kuni O‘zbek Milliy akademik drama teatrining 100 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Shu qutlug‘ sanaga bag‘ishlangan tadbirga vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari vakillari, oliy ta’lim dargohlari professor-o‘qituvchilari, san’at va madaniyat namoyandalari, ijodkor ziyolilar, talaba-yoshlar, muxlislar taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbek Milliy akademik drama teatri jamoasiga tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X. Sultonov o‘qib eshittirdi.
Prezident Islom Karimovning 2014-yil 27-noyabrdagi “O‘zbek Milliy akademik drama teatrining 100 yilligi munosabati bilan teatr ijodkorlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra ijodiy jamoaning bir guruh xodimlari O‘zbekistonning faxriy unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlandi.
Tadbirda O‘zbekistonning ana shu yuksak mukofotlari topshirildi.
Marosimda teatr direktori M. Ismoilov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M. Ahmedov, O‘zbekiston xalq artisti M. Xoliqova, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist A.Nabiyev, “Do‘stlik” ordeni sohibi, teatr rassomi S. Soy va boshqalar milliy ma’naviyat, madaniyat va san’at rivoji yo‘lidagi ulkan e’tibori uchun Prezidentga samimiy minnatdorlik bildirdi. Davlat rahbarining teatr yubileyi munosabati bilan yo‘llagan tabrigi teatr jamoasining qalbini faxr-iftixorga to‘ldirgani ta’kidlandi.
Badiiy kechada Milliy teatrning 100 yilligiga bag‘ishlab kinoijodkorlar tomonidan yaratilgan hujjatli film, viloyatlar va poytaxtdagi teatr jamoalari, san’at ustalari ishtirokida tayyorlangan teatrlashtirilgan musiqiy dastur namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E. Bositxonova ishtirok etdi.
Izoh (0)