Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz”da Sport World Uzbekistan — 2014 va “Bolalik dunyosi — 2014” xalqaro ko‘rgazmalari ish boshladi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Ko‘rgazmalar “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmui tomonidan tashkil etildi.
Tadbirda sportni rivojlantirish va ommalashtirish O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi.
Sport infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasida bugungi kunda O‘zbekistonda 1500 dan ortiq bolalar sporti obyekti faoliyat yuritmoqda. Bu obyektlar asosan O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan sport inventarlari bilan jihozlanmoqda. 120 turdagi sport inventari va uskunalarining 116 tasi O‘zbekiston korxonalarida ishlab chiqarilmoqda.
O‘zbekiston sport sanoatining so‘nggi ishlanmalarini o‘zida mujassam etgan ixtisoslashtirilgan Sport World Uzbekistan sport uskunalari, anjomlari va kiyimlari ko‘rgazmasi ikkinchi marta o‘tkazilmoqda. Unda 30 dan ziyod kompaniya ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazmada “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi korxonalar ham o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda. Ularning stendlaridan ham “Mashxim” mas’uliyati cheklangan jamiyati va Asia Sport-S xususiy firmasi mahsulotlari kabi turli trenajyorlar, futbol, basketbol, voleybol, gandbol, tennis, stol tennisi, badminton, gimnastika, boks, kurash, yengil atletika, armrestling, yadro uloqtirish, velosport va shaxmat singari sport turlari uchun inventar va jihozlar joy olgan.
“Sport inshootlari qurilishi” bo‘limida usti ochiq va yopiq sport maydonlarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish hamda turli sport qoplamalarini yotqizishga ixtisoslashtirilgan “Aniz” (Sportplay) MChJ o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda. Shuningdek, “Vostok” kompaniyasi nufuzli xorijiy kompaniyalar tomonidan sport inshootlari uchun maxsus ishlab chiqarilgan qoplama namunalarini taqdim etgan.
Ko‘rgazmada “Liliya Luks” MChJ alpinizm uchun mo‘ljallangan jihozlar, “Telemetrik” kompaniyasi esa ma’lumot tablosi va boshqa turdagi elektron mahsulotlarni namoyish qilmoqda.
“O‘zbekyengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi stendida keng turdagi sport kiyimlari taqdim etilmoqda.
Milliy Olimpiya qo‘mitasi, “Sog‘lom avlod uchun” fondi va qator sport federatsiyalari ma’lumotlar aks ettirilgan stendlar bilan qatnashmoqda.
Bundan tashqari, shu kunlarda “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmui tomonidan tashkil etilgan “Bolalik dunyosi — 2014” xalqaro ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tmoqda.
Izoh (0)