O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Ruslan Nuriddinov (105 kilogramm) Qozog‘istonning Olma-Ota shahrida yakuniga yetib borayotgan jahon chempionatida ikki kurash yakunlariga ko‘ra kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng u o‘zining fikrlari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
“Asosiy kurash Rio Olimpiadasida bo‘lib o‘tadi. Bugun men so‘nggi soniyalargacha kurash aynan Ilya bilan bo‘lib o‘tishini bilgandim. Ilyin uch karra jahon chempioni bo‘lib, shuning o‘ziyoq uning salohiyatidan darak berib turgandi. Bugun u to‘rtinchi bor jahon chempioniga aylandi va dunyo rekordini yangiladi.
Men ikki kurash yakunlariga ko‘ra kumush medalni qo‘lga kiritganimdan xafa emasman. Aksincha, baxtiyorman. Tizzamdagi jarohat sabab jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayoni qiyin kechdi. Hatto mashg‘ulotlarda ham 215 kilogramm toshni zo‘rg‘a ko‘tarayotgandim. Bugun ko‘rsatgan natijam mo‘jiza! Albatta, 239 kilogramm toshni ko‘targanimdan keyin oltinga umid qilgandim. Lekin Ilya bugungi kunda jiddiy raqib ekanligini isbotladi”, — dedi Ruslan Nuriddinov.
Izoh (0)