2014-yilning 12-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Malayziyaning yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Dato Nor’ayni binti Abd Hamidni qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytida xabar berildi.
Elchi ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi.
Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston — Malayziya munosabatlarining bugungi holati, uni yanada mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlari, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning istiqbollari muhokama etildi.
Tomonlar turli jabhalardagi ikki tomonlama hamkorlikning jadal o‘sish sur’atini qayd etib, avvalo savdo-iqtisodiy sohada so‘nggi yetti yil mobaynida o‘zaro tovar almashinuvi 2,5 barobar o‘sganini ijobiy baholadi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Malayziya ishbilarmonlarining o‘zaro aloqalarni rivojlantirish, muntazam ravishda tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida maslahatlashuvlarni o‘tkazish, parlamentlararo aloqalarni kengaytirishda tomonlarning o‘zaro manfaatdorligi tasdiqlandi.
Suhbatdoshlar ikki davlat uchun muhim ahamiyat kasb etadigan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.
Izoh (0)