Samarqand viloyati Payariq tumanida tegishli hujjatlarsiz aviachipta sotish faoliyati bilan shug‘ullangan fuqaro jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda, “Huquq” gazetasiga asoslanib, Kun.uz xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro ijaraga olingan do‘kon peshtoqiga “Aviakassa” degan yozuvni ilib qo‘yib, xonaga kompyuter qurilmalarini o‘rnatgan, kelgan mijozlardan esa pul va pasportlarini olib qolib, ular nomiga shaharning turli aviakassalaridan qalbaki elektron aviabiletlarni rasmiylashtirib, tarqatgan.
Ushbu fuqaro xizmatlaridan foydalangan ikki shaxs Rossiyaga ketish arafasida, Samarqand xalqaro aeroportida chiptalari qalbaki ekanligini (ikkala chipta raqami bir xil ekanligini aeroport xodimi bildirgan) bilib qolgan. Shundan so‘ng huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishgan, qalbaki aviachipta sotuvchisi esa tezda qo‘lga olingan.
“U fuqarolarga keltirgan zararni to‘ladi va aybiga yarasha jinoiy javobgarlikka tortildi”, – deyiladi xabarda. Qayd etishlaricha, u bir mijozdan Rossiya aviachiptasini 324 dollardan sotgan.
Izoh (0)