O‘zbekistonda tekshiruvlar natijasida 2014-yilning dastlabki to‘qqiz oyi davomida 51 ming 737 holatda atvotransport egalari litsenziyasiz yo‘lovchi yuk tashish faoliyatini amalga oshirgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmatiga asoslanib Kun.uz xabar bermoqda.
“Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi va soliq organlari xodimlari bilan hamkorlikda yo‘llarda 3 ming 268ta qo‘shma reydlar o‘tkazilib, avtotransport egalari tomonidan 51 ming 737 holatda litsenziyalash to‘g‘risidagi qonunlarning buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi”, – deyiladi axborotda.
Qo‘shimcha qilishlaricha, soliq idoralari tomonidan litsenziyasiz faoliyat ko‘rsatgan avtotransport egalariga nisbatan jami 10,349 milliard so‘m (12news.uz’ning hisob-kitoblariga ko‘ra, 4,3 million dollar) miqdorida moliyaviy jarimalar qo‘llanilgan.
Ayni vaqtda, O‘zADTA axborot xizmatining qayd etishicha, O‘zbekistonda 2014-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra litsenziyalangan avtomobillar soni 94 ming 70 tani tashkil etmoqda.
Izoh (0)