Namangan viloyatining Pop tumanidagi “Ozoda Mamadali” fermer xo‘jaligi rahbari Ilhom Ismonov 2013-yil hosili uchun rejaga ko‘ra 108,9 gektar ekin maydonining 43,3 gektariga paxta, 65,6 gektariga g‘alla ekishi lozim edi. U tegishli tashkilotlar bilan shartnoma imzolayotganda quyuq va’dalar beradi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasining “Huquq” gazetasi.
Yoshi 45 ga borgan bu shaxs chigit ekilishi lozim bo‘lgan 10,8 gektar maydonga rejaga kiritilmagan sabzavot, dukkakli va poliz ekinlarini o‘zboshimchalik bilan ekib oladi. Natijada 22,6 tonna (18 million 102 ming 600 so‘mlik) paxta xomashyosi yetkazib berish imkoniyatini yo‘qotib, davlat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazildi.
Bundan tashqari, I. Ismonov “Agrobank”ning Pop filialidan paxta yetishtirish uchun ajratilgan 6 million 928 ming 100 so‘mlik imtiyozli kredit oladi. Ammo uni paxta yetishtirishga emas, yuqoridagi 10,8 gektar yerdagi noqonuniy ekinlarning parvarishi uchun ishlatib yuboradi.
I.Ismonov sud hukmiga asosan tegishli tartibda jinoiy javobgarlikka tortildi.
Tumandagi “Chodak Anhor Loyiha” fermer xo‘jaligi rahbari Pomir Normuhammedov ham joriy yil boshida “Pop paxta tolasi” OAJ bilan fermer xo‘jaligi o‘rtasida tuzilgan kontraktatsiya shartnomasiga asosan 88 gektar yer maydonidan 85,8 tonna paxta xomashyosi yetishtirish majburiyatini olgan edi. Ammo uning ham nafsi ustunlik qildi.
Chigit ekilishi lozim bo‘lgan 29,7 gektar yerga kashnich va dukkakli ekinlar ekib olganligi sababli 15,6 gektar yer maydoni haydalmagan, ya’ni shudgor qilinmagan holda qolib ketdi. Aslida u yerga ham noqonuniy tarzda boshqa ekinlar ekishni maqsad qilgandi. Natijada 35 million 559 ming so‘mlikdan ortiq paxta yetishtirish imkoniyati chippakka chiqdi.
Ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, P. Normuhammedov sud hukmi bilan jazoga tortildi.
Izoh (0)